Xalqaro hamkorlik
Xorijiy davlatlarning qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga solish va nazorat qilish bo'yicha vakolatli organlari bilan faoliyatni muvofiqlashtirish, milliy va xalqaro qimmatli qog'ozlar bozorlarida qimmatli qog'ozlar bo'yicha qonun hujjatlari buzilishining oldini olishda ular bilan o'zaro hamkorlik qilish, qimmatli qog'ozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirishning yagona standartlari va qoidalarini ishlab chiqish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 12 yanvardagi 16-sonli qaroriga asosan qimmatli qog'ozlar komissiyalari xalqaro tashkilotida (IOSCO) O'zbekiston Respublikasidan vakolatli vakili etib Qimmatli qog'ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi belgilangan.
Hozirgi kunda, 1983 yilda tashkil etilgan va shtab-kvartirasi Madrid shahrida joylashgan IOSCO tashkilotining a'zolari bo'lib 120 mamlakatning fond bozorilarni tartibga soluvchi regulyatorlar sanaladi, ular tomonidan jahon qimmatli qog'ozlar bozorining 95%dan ortig'i tartibga solinadi.
IOSCOning asosiy vazifalari bo'lib qimmatli qog'ozlar bozorida investorlar huquqlarini himoya qilish hamda bozorning samarali va shaffof tizimini ta'minlash maqsadida halqaro tan olingan standart va qoidalarni ishlab chiqish, ularni amaliyotgan tatbiq etish va rivojlantirish maqsadida tashkilot a'zolari orasida hamkorlikni yo'lga qo'yish, investorlar huquqlarini himoya qilish yuzasidan ko'rilayotgan choralarni kuchaytirish maqsadida tashkilot a'zolari o'rtasida axborotlar almashinuvini yo'lga qo'yish, milliy qimmatli qog'ozlar bozorini davlat tomonidan samarali tartibga solish maqsadida global va regional ko'lamda ma'lumotlar almashinishi uchun imkoniyat yaratish hisoblanadi.
Shuningdek, bugungi kunda Koreya fond birjasi (KRX), Koreya Xalqaro Hamkorlik Agentligi (KOICA) hamda Yaponiya Xalqaro Hamkorlik Agentligi (JICA) bilan O'zbekiston Respublikasi qimmatli qog'ozlar bozorini rivojlantirish borasida zamonaviy tajribalarni almashishga doir chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.